"Manchester Yunayted" himoyachisi Lisandro Martines Chempionlar ligasida "Atletiko"ga qarshi o‘yindan keyin klub rahbariyatini keskin tanqid qilgan edi. Bir kun o‘tib, argentinalik futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda bayonot berdi.
"Uchrashuvdan keyin natijadan kelib chiqqan g‘azab va xafagarchilik ta’sirida gapirdim. Meni yaxshi taniydiganlar futbol bilan qanday yashashimni biladi: ishtiyoq, fidoyilik va g‘alaba qozonish istagi bilan. Ishlar biz xohlagandek ketmasa, bu og‘riqli bo‘ladi. Ayniqsa, "Manchester Yunayted" kabi boy tarix va yuqori maqomga ega klub sharafini himoya qilayotganingda.
So‘zlarim his-tuyg‘ularimni va bu klubning eng nufuzli sovrinlar uchun kurashishini qanchalik istashimni aks ettiradi. Yuqori talablar — futbolga bo‘lgan qarashim va ushbu libosni kiyganda his qiladigan mas’uliyatimning bir qismi. Ko‘proq narsaga erishish haqida gapirganimda, klubimizdagi har bir insonda bo‘lishi kerak bo‘lgan ambitsiyalarni nazarda tutaman. Biz doimo rivojlanishimiz, kuchayishimiz va eng yuqori darajada raqobatlashish uchun zarur barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishimiz kerak. Bu talablarga, birinchi navbatda, mening o‘zim ham javob berishim shart.
Natijalar uchun, eng avvalo, futbolchilar javobgar ekanini bilaman va bu mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman. O‘zimizdan yanada ko‘proq talab qilishimiz va "Manchester Yunayted"ni yana cho‘qqiga qaytarish uchun mehnat qilishimiz kerak. Jamoadoshlarimga, murabbiyimizga va klubni oldinga siljitish uchun mehnat qilayotgan barcha insonlarga ishonaman. Oldinga yo‘l birgalikdagi mehnat, ambitsiya va sadoqat orqali o‘tadi. Birinchi kundan beri maqsadim o‘zgarmagan: g‘alaba qozonish, eng yuqori darajada raqobatlashish va klub emblemasi uchun bor kuchimni berish", — deb yozdi Martines.