Krishtianu Ronalduning bayonoti to‘liq:

"Murabbiy menga bergan so‘zining ustidan chiqmadi.

Uchrashuv yakunida men faqatgina hammasi g‘alaba bilan tugashini va yolg‘iz qolishni xohlagandim. Muxlislar bilan so‘rashgani bormadim. Bu faqat mening javobgarligimdagi xato va bunday bo‘lmasligi kerak edi. U yerda bizni astoydil qo‘llab-quvvatlagan portugaliyaliklardan, muxlislardan va portugaliyalik bo‘lmasa-da, meni ko‘rish uchun uzoqdan kelgan va men hafsalasini pir qilgan bo‘lishim mumkin bo‘lgan barcha insonlardan uzr so‘rayman.

48 soat o‘tgach, men, murabbiy va Simau Koutino o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi (Simau avgust oyidan beri suhbatlarimizda ishtirok etib kelayotgandi). Bu hech qanday filtrlarsiz, juda ochiq va samimiy lahza edi.

Biz bu "ish"ni yopishning faqat bitta yo‘li borligiga kelishdik: murabbiy xoli joyda, Simau Koutino guvohligida menga aytgan gaplarini matbuot anjumanida ham takrorlashi kerak edi.

Kelishuv oddiy edi: murabbiy anjumanni shu mavzu bilan boshlab, haqiqatni aytish orqali masalaga nuqta qo‘yardi. U men hech qachon maydonga tushishni so‘ramaganimni, ushbu yig‘in rejasini faqat murabbiyning o‘zi (boshqa hech kim emas) taklif qilganini, meni chigal yozdirishga chiqarib, keyin maydonga tushirmasligi xato bo‘lganini va agar bu holat yana takrorlansa, unday qilmasligini aytishi kerak edi. Suhbat yakunida murabbiy mendan uni quchoqlashimni so‘rab, hozirgina menga aytganlarini anjumanda ham takrorlashga va’da berdi va masala hal bo‘ldi deb kelishdik. Men Daniyaga qarshi o‘ynamasdim va «Dragau”dagi o‘yinda maydonga tushardim. Bularning barchasi doim Simau Koutino guvohligida kechdi.

Keyin murabbiyning iltimosiga ko‘ra, u, Simau Koutino va Tyago Kraveyru o‘rtasida videoaloqa orqali muhokamamiz sarhisob qilingan uchrashuv bo‘ldi.

Men o‘zim tasdiqlagan qisqa hujjat tayyorlandi va mening xabarim bilan, murabbiyning o‘zi so‘raganidek, unga topshirildi. Anjumanda nima bo‘lgani esa hammaga ma’lum: uning pozitsiyasi bizning uchrashuvimizga umuman aloqador emasdi. Men o‘zim loyiq ko‘rmagan iboralar va agressiyani eshitdim, u bir kun oldin xoli joyda menga zarracha ham ko‘rsatmagan "men xohlayman, men qila olaman va men buyuraman" qabilidagi munosabatni ko‘rdim.

Men tasdiqlagan va murabbiy o‘qib eshittirishi kerak bo‘lgan qaydlar quyidagicha edi:

"Daniya haqida gapirishdan oldin ba’zi narsalarga oydinlik kiritib olish muhim, chunki bu haqiqat:

1. Bu sport mavsumi uchun Krishtianuga terma jamoadagi rejani boshqa hech kim emas, aynan o‘zim taklif qilganman. Bu uzoq va juda yaxshi suhbat edi.

2. Uning terma jamoa bilan qanchalik yashashini va uni qanchalik sevishini, dunyodagi o‘rnini, qolaversa, ketma-ket 24 yil davomida terma jamoaga ko‘rsatgan ijobiy ta’siri va salmog‘ini yaxshi bilaman.

3. Men Krishtianuga taklif qilgan reja qabul qilindi.

4. U hech qachon mening qarorlarimni shubha ostiga olmagan. U o‘rnak bo‘ladigan darajada, sodiq va professional edi.

5. Norvegiyaga qarshi o‘yin unga tuzilgan rejaning bir qismi emasdi. Biroq u birinchi o‘yindan so‘ng jismoniy tiklanishga ulgurganini his qildim va undan foydalanishim mumkinligi haqida ogohlantirdim. Krishtianu rozi bo‘ldi.

6. Pele yoki Maradona darajasidagi odamni chigal yozdirishga chiqarib, so‘ng o‘yinga tushirmaslik bilan xato qildim. Agar bugun shunday bo‘lganida bunday qilmagan bo‘lardim.

7. Mavzuni yopish uchun: men Krishtianuning Milliy terma jamoada bo‘lishini xohlayman. Aslida biroz emas, judayam ko‘p xohlayman. Yaxshiyamki, u ham menga ishonadi. U "An-Nasr"da ishongandi va bu yerda ham ishonadi.

8. Muxlislar bilan xayrlashmagani haqida. Bu haqda biz gaplashib bo‘ldik. Terma jamoa safida 230 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan insonga Portugaliyaga bo‘lgan muhabbat haqida dars o‘tmayman. Bu hech narsani o‘chirib yubormaydigan umidsizlik lahzasi edi. U eng ko‘p dastxat beradigan, eng ko‘p selfiga tushadigan va muxlislarga eng ko‘p mehr ko‘rsatadigan futbolchidir. Yo‘q joydan muammo yaratmaylik. Biz xursand bo‘lmasak, reaksiya bildiramiz. Butun gap shunda."


Shunday qilib, bu qaydlarning hech birida murabbiy mendan hatto uzr so‘rashi kerakligi ham aytilmagan edi.

Bu uning menga bergan so‘zini ikkinchi bor buzishi edi”.
"Men yana biror marta berilgan so‘zning buzilishini kutmasdan yig‘inni tark etishga qaror qildim. Men uchun odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda haqiqat hamon eng muhim narsa bo‘lib qolmoqda. Qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, menga haqiqatni aytishsin.

Aslida, o‘sha matbuot anjumani bo‘ladigan kunning tongida PFF (Portugaliya futbol federatsiyasi) prezidenti va murabbiy bilan bo‘lgan suhbatda — ular buni albatta tasdiqlay olishadi — agar meni bu yerda ko‘rishni xohlashmasa, buni menga ochiqchasiga aytishlari kerakligini yana bir bor ta’kidladim. Menga shunchaki rostgo‘y bo‘lishlarining o‘zi kifoya edi. Men buni qabul qilgan bo‘lardim va biz orzu qilganimdek chiroyli bir xayrlashuv o‘yini tashkil qilishimizga, hech kimda ko‘ngli og‘rimasligiga va’da bergandim.

Bu xuddi bugungidek esimda. Ular bir ovozdan "yo‘q" deb javob berishdi. Mening joyim Milliy terma jamoada ekanligini ta’kidlashdi.

Qariyb 25 yillik faoliyatim davomida hech qachon, hech qanday holatda birorta murabbiy yoki terma jamoa boshqaruvchisining texnik yoki taktik qaroriga aralashmaganman.

Yaxshi yoki yomon bo‘lsin, ular menga nimani taklif qilishsa, shuni qabul qilaman. Men qarorni hurmat qilaman, lekin ular menga bergan so‘zini buzishsa, mening joyim bu yerda emasligini his qilaman.

Yig‘inni tark etganim uchun terma jamoadagi sheriklarimdan ham uzr so‘rashim kerak. Ushbu suhbatlarga guvoh bo‘lganlar tasdiqlashi mumkinki, murabbiyning so‘ziga bo‘lgan ishonchning mutlaqo toptalishiga qaramay, men bunday qilmasligim kerak edi. Buning javobgarligi faqat mening bo‘ynimda.

Portugal xalqidan yana bir bor uzr so‘rayman, ammo berilgan so‘zning buzilishi men uchun hal qiluvchi ta’sirga ega. Shu paytdan boshlab, mening qolishim faqatgina jamoaga zarar keltiradi deb his qildim va o‘zimni kerakli deb bilmagan holatda doim qilaman degan ishimni qildim: narsalarimni yig‘ishtirdim va ketdim.

Mening bu harakatimning oqibati Portugaliya futbol federatsiyasi tomonidan baholanishi va jazolanishi kerak. Jazoning hech qanday yengillashtiruvchi omillari bo‘lmasligi kerakligini tushunaman. Men shunchaki oddiy o‘yinchi emasman; men jamoa sardoriman va bu holatni og‘irlashtiruvchi omildir.

Men allaqachon uzr so‘radim, lekin bilamanki, har qanday xatti-harakatning oqibati bo‘lishi shart. Men kabi futbol ichida bo‘lgan har bir kishi biladiki, har bir shaxsning maqomidan qat’i nazar, qoidalar hamma uchun bir xil.

Bu mavzuda men xayrlashuv o‘yinlari haqida, munosib xayrlashishim kerakligi va Federatsiya menga bu imkoniyatni berishni xohlayotgani haqida ko‘p gaplarni eshitdim.

Men hayotda, ko‘pincha och qolgan va yeyishga hech vaqosi bo‘lmagan paytlarimda o‘rganganmanki, hech kim birovga hech narsani shunchaki berib yubormaydi.

Men barcha muxlislarimga va, albatta, xususan, barcha portugaliyaliklarga va’da bera olamanki, bizda bitta yoki bir nechta xayrlashuv o‘yinlari bo‘ladi; bunga hali vaqt keladi.

Ammo terma jamoa haqida o‘ylaganimda, mening asl o‘ylaydigan narsam — bu raqobatlashishdir. Otamning vafoti haqidagi xabarni eshitgan kunimda ham shunday o‘ylagandim. Men terma jamoamiz yig‘inida edim va ertasi kuni o‘yin tugaguniga qadar o‘sha yerda qolishga qaror qilgandim. Men mamlakat uchun hech bir klub uchun qilmaydigan ishimni qilganman.

Shuning uchun, agar menga qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan diskvalifikatsiya muddatini o‘tab bo‘lganimdan so‘ng, jismoniy holatim yaxshi bo‘lsa, o‘z klubimda o‘ynayotgan va umid qilamanki, gollar urayotgan bo‘lsam, men bugungi kungacha qanday bo‘lsam, terma jamoamiz uchun raqobatlashishga va g‘alaba qozonishga shunday tayyor bo‘laman.

Ishoning, bu eng toza va haqiqiy haqiqatdir.

Krishtianu Ronaldu”.