Ser Aleks Fergyuson 2018-yilda miyasiga qon quyilganidan keyin ilk bor "Old Trafford"ga qaytgan kunini esladi. Shoshilinch operatsiyadan to‘rt oy o‘tib, u "Manchester Yunayted"ning "Vulverhempton"ga qarshi o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga borgan.

"O‘zimni xotirjam his qildim, deb aytishni istardim. Ammo unday bo‘lmagan. Men qo‘rqib ketgandim", — dedi Fergyuson.

Ammo muxlislar uni tik turgan holda qarsaklar bilan kutib oldi. Fergyusoning rafiqasi Keti hatto yig‘lab yuborishiga sal qolganini aytdi.

O‘sha paytda Fergyuson "Manchester Yunayted"dagi 26 yillik faoliyatini yakunlaganiga besh yil bo‘lgan edi. U klub bilan 38 ta sovrinni qo‘lga kiritgan, jumladan 13 ta APL chempionligi va 2 ta Chempionlar ligasi g‘olibligini qayd etgan.

Fergyuson miyasiga qon quyilganidan keyin bir muddat gapira olmaganini ham esladi. Mutaxassislar unga turli so‘zlarni yozdirish orqali nutqini qayta tiklashga yordam bergan.

Fergyuson 1963-yildagi "Reynjers"ga qarshi o‘yinni ham esladi. 21 yoshli futbolchi o‘sha bahsda xet-trik qayd etgan va bu uning faoliyatida burilish nuqtasi bo‘lgan.

"Yoshlarga shuni aytgan bo‘lardim: hayotingizdagi eng katta imkoniyatni qo‘ldan boy bermang. Eng muhimi — uni vaqtida tanib olish", — dedi u.

Shuningdek, Bekhemning transferini ham yodga oldi.

1995-yilda "Manchester Yunayted" yosh tarkib bilan "Aston Villa"ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin "Siz bu bolalar bilan hech narsa yuta olmaysiz", degan fikrlar bildirilgan edi.

O‘sha mavsumda Fergyuson jamoasi APL va Angliya kubogini qo‘lga kiritib, dubl qayd etdi.

Rayan Giggs, Gari Nevill, Pol Skoulz va Devid Bekhem kabi yosh futbolchilar jamoaning asosiy kuchiga aylandi.

"Biz yoshlarni klubga olib kirish uchun juda qattiq ishlagan edik. Bu yosh yigitlar "Manchester Yunayted"ning ruhiyatiga aylandi. Ularda katta iste’doddan tashqari, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq ham bor edi.

Bekhemni 1995-yilda ijaraga berganimda, u men undan qutulishga harakat qilyapman, deb o‘ylagan. Aslida esa unday emasdi", — dedi Ferguson.