39 yoshli Pedro Rodriges chorshanba kuni futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. Ispaniyalik sobiq vinger "Barselona"dan ketganidan keyin "Chelsi"da o‘tkazgan yillarini esladi.

"Londonda men hammasini noldan boshlashni o‘rgandim, yangi madaniyat bilan tanishdim va shaxs sifatida rivojlandim", — dedi Pedro.

"Chelsi"dagi besh yildan so‘ng jahon va Yevropa chempioni "Roma"ga o‘tdi. Bir yildan keyin esa uning so‘nggi klubi bo‘lgan "Latsio" safiga qo‘shildi.

"Italiya qalbimga juda yaqin bo‘lib qoldi. U yerga tajribali o‘yinchi sifatida bordim, ammo meni o‘z o‘g‘illaridek qabul qilishdi", — deya eslab o'tdi. 

Pedro "Barselona" safida Ispaniyani tark etishidan oldin Chempionlar ligasida uch marta g‘olib chiqqan.